Electronic Arts (EA), Battlefield 6 o'yinining 4-mavsumi doirasida kutilmagan bir hamkorlikni e'lon qildi — mashhur Top Gun franchayzasi bilan hamkorlik. Paramount Games Studio bilan birgalikda tayyorlangan bu hamkorlik, o'yinga uchta taniqli personajni olib keladi — va eng qiziq jihati, ularning ovozlarini asl aktyorlarning o'zi ijro etadi:
- Leytenant Bredli "Rooster" Bredshou (Mayls Teller ovozida)
- Leytenant Robert "Bob" Floyd (Lyuis Pulman ovozida)
- Admiral Solomon "Warlock" Beyts (Charlz Parnell ovozida)
Nima qo'shiladi?
Hamkorlik doirasida o'yinga F/A-18 Super Hornet va F-14 Tomcat jangovar samolyotlari, shuningdek Top Gun uslubidagi personaj ko'rinishlari va kosmetik buyumlar qo'shiladi. Ikkita yangi rejim ham taqdim etiladi: asosiy o'yin uchun "Top Gun: Carrier Strike", REDSEC rejimi uchun esa "Top Gun: Fighter Sweep".
Muhim: sanalarni aralashtirmang
Ko'p manbalar bu voqeani noaniq tarzda taqdim etmoqda, shuning uchun aniqlashtiramiz — 4-mavsum 3 bosqichda chiqadi:
- 21-iyul (1-bosqich): Faqat dengiz jangi va eng katta xarita — "Tsuru Reef" ishga tushadi. Top Gun kontenti hali yo'q.
- 18-avgust (2-bosqich): Top Gun hamkorligi shu kunda ishga tushadi, klassik "Wake Island" xaritasi ham qaytadi.
- 15-sentabr (3-bosqich): "Tidal Strike" nomli yakuniy bosqich, yig'ish tadbiri bilan.
Xulosa
Bu, Battlefield seriyasidagi birinchi rasmiy filmga asoslangan hamkorlik bo'lib, dengiz jangi tizimining qaytishi bilan birga o'yinga yangi hayot baxsh etishi kutilmoqda. Biroq Top Gun ishqibozlari uchun muhim eslatma — bu kontent uchun yana bir oydan ortiq kutish kerak bo'ladi.
